PQ-5227-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlimni rivojlantirish, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish, kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasidagi kadrlar yetarli bilim va koʻnikmalarga ega emasligi, mehnat muhofazasi normalariga amal qilish boʻyicha profilaktik ishlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida ishlab chiqarish jarayonida koʻplab baxtsiz hodisalar roʻy bermoqda.
Mehnat huquqi yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarning yetishmasligi natijasida mehnat qonunchiligi sohasidagi qonun buzilishi holatlari soni ortib bormoqda. Jumladan, kasaba uyushmalari tomonidan har yili ushbu masalaga oid oʻrtacha 28 mingga yaqin murojaatlar koʻrib chiqiladi.
Mehnat sharoitlarining sanitariya qoidalari normalari va gigiyena normativlariga javob berishini aniqlash boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarga ega kadrlarning yetishmasligi bois, xodimlarning kasb kasalliklariga chalinish darajasi yuqoriligicha qolmoqda.
Respublikada mehnat tibbiyoti mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar yetarli miqdorda tayyorlanmayotganligi sababli kasb kasalliklarini davolash va profilaktika qilish ishlari lozim darajada amalga oshirilmayapti.
Shuningdek, sohada tizimli ilmiy izlanishlar oʻtkazilmayotganligi, asoslangan taklif va tavsiyalar yetishmasligi tufayli mehnat munosabatlari sohasiga oid oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar saqlanib qolmoqda.
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida xalqaro talablar va standartlarga muvofiq malakali kadrlarni tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlarining oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, sohaga oid muammolarni ilmiy va amaliy jihatdan tadqiq etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Muassis) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng soʻnggi yutuqlarini qoʻllagan holda, mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida talab yuqori boʻlgan kasblar, yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlarni tayyorlash;
taʼlimning tegishli yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish, talabalar va yosh mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, taʼlim tizimiga yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari tajribasini joriy qilish;
mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi taʼlim dasturlarini hamda oʻqitishning innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
istiqbolli bitiruvchilarni xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga tegishlicha bakalavriat, magistratura hamda doktoranturada oʻqishga yuborish orqali Akademiyaning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va oʻqitish uslublarini takomillashtirish;
xalqaro va milliy mehnat standartlari, mehnat huquqi, inson huquqlari, mehnat tibbiyoti, ijtimoiy himoya va mehnat muhofazasi yoʻnalishlari boʻyicha oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;
taʼlim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish sohasi bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ijtimoiy-mehnat munosabatlari mutaxassislari, kasaba uyushmalari tizimi hamda tibbiy profilaktika muassasalari xodimlarini zamonaviy talablar asosida qayta tayyorlash, malakasini oshirish, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda tajriba orttirishini tashkil etish;
respublika va xorijdagi yetakchi taʼlim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning yetakchi mutaxassislarini taʼlim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga jalb qilish, mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish;
professional taʼlim, bakalavriat, magistratura va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish;
Akademiyaning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy va innovatsion-investitsiyaviy tuzilmalarni tashkil etish.
3. Belgilansinki:
Akademiya qonunchilik hujjatlarida belgilab qoʻyilgan barcha taʼlim bosqichlarida faoliyat koʻrsatadigan nodavlat taʼlim tashkiloti hisoblanadi;
Akademiyada taʼlim faoliyati 2022/2023 oʻquv yilidan boshlanadi;
Akademiyada oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasida amalda mavjud taʼlim shakllari boʻyicha oʻzbek, rus va ingliz tillarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Akademiyaning tuzilmasi, shtatlar jadvali, qabul parametrlari, abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari, Akademiyada oʻqitishning toʻlov-kontrakt qiymati hamda pedagog kadrlarning mehnatiga haq toʻlash miqdori Muassis bilan kelishilgan holda Akademiya tomonidan tasdiqlanadi;
Akademiyada oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi;
Akademiya bitiruvchilariga oliy taʼlim yoki professional taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Oʻzbekiston Respublikasining belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
4. Quyidagilar:
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi Vasiylik kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etish boʻyicha tashkiliy komissiya tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
taʼlim jarayonini, talabalarning oʻquv hamda ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, taʼlim sifatini tizimli ravishda oshirish, Akademiya bitiruvchilarini ishga joylashtirish;
Akademiya faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash uchun xayriya va texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarni) jalb etish;
Akademiyaning moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash, ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilashga koʻmaklashish, uni zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash;
ilmiy ishlanmalar natijalarini hayotga samarali joriy etish, taʼlim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlik oʻrnatish va uni rivojlantirish;
talabalarni, eng avvalo, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash, talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va yashash joylarida boʻsh vaqtlaridan samarali foydalanishini tashkil etish, shuningdek, ularning dam olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
istiqbolli talabalarni tanlov asosida sohaga ixtisoslashgan xorijdagi boshqa yetakchi taʼlim tashkilotlariga stajirovka oʻtashga yuborish uchun tanlab olishni hamda ularga xorijda tahsil olish uchun maxsus stipendiyalar ajratishni tashkil etish.
6. Tashkiliy komissiyaga (Musayev) Akademiya faoliyatini tashkil etish ishlarini boshqarish, uning toʻlaqonli faoliyat yuritishi bilan bogʻliq tashkiliy, moliyaviy, huquqiy, iqtisodiy, oʻquv-metodik, moddiy-texnik taʼminot va boshqa masalalarni hal qilish vazifasi yuklansin.
7. Muassisning quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishi toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
Akademiyaning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash;
Akademiyani zamonaviy laboratoriya uskunalari, oʻquv va ilmiy adabiyotlar, mebel, kompyuter texnikasi bilan taʼminlash hamda oʻquv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Akademiyani tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirish;
har yili 20 nafardan kam boʻlmagan, Akademiyaga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam taʼminlangan oila sifatida roʻyxatga olingan oilalarning farzandlarini bepul (Muassis granti asosida) oʻqishga qabul qilish.


8. Muassis Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Akademiyaning taʼsis hujjatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, Akademiyani belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin;
Akademiyaning tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
9. Quyidagilar Akademiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyati boʻyicha va shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlardan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
Muassisning mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Akademiya buyurtmalariga binoan, oʻrnatilgan tartibda xorijiy mutaxassislarning (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.

11. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Akademiyani joylashtirish uchun Muassisga bino ajratish choralarini koʻrsin.

12. Akademiya:

bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nusxalarini (bir nusxada) oladigan tashkilotlar roʻyxatiga;

Milliy statistika qoʻmitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladigan roʻyxatga kiritilsin.

13. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sh.Sh. Minovarov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-avgust,
PQ-5227-son

Hujjatlar ro‘yxati bo‘sh.