YANGILIK

Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida yangi oʻquv yili koʻtarinki ruhda boshlandi

07.09.2026 19

Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida yangi oʻquv yili koʻtarinki ruhda boshlandi

Bugun Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi oʻz bagʻriga ilk bor qadam qoʻygan birinchi bosqich talabalarini kutib oldi. Shu munosabat bilan akademiya binosida yangi talabalar uchun "Tanishuv va moslashish soati"  tadbiri tashkil etildi.

Tadbirni kirish soʻzi bilan ochgan akademiyaning Oʻquv ishlari boʻyicha birinchi prorektori Abduxalil Salomovich Atamatov yoshlarni talabalik baxtiga muyassar boʻlganlari bilan qutladi. U oʻz soʻzida akademiyaning qisqa fursatda yurtimizdagi eng nufuzli oliygohlardan biriga aylangani, bu yerda xalqaro standartlarga mos taʼlim berilishini alohida taʼkidlab oʻtdi. Ilmiy va maʼnaviy yuksalish, ichki tartib-qoidalarga amal qilish har bir talabaning bosh vazifasi ekanligi eslatib oʻtildi.

Shundan soʻng, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Azimjon Hakimjonovich Mirzajonov soʻzga chiqib, oliygohda talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun yaratilgan toʻgaraklar, sport majmualari hamda zamonaviy shinam yotoqxona sharoitlari haqida toʻxtaldi.

Mehnat sohasini boshqarish fakulteti dekani Toir Sadullayev esa 1-bosqich yoshlarini oʻquv jarayonining borishi, kredit-modul tizimining talablari va kredit toʻplash tartiblari bilan yaqindan tanishtirdi.

Taniqli ijodkor, sevimli shoir, publitsist va tarjimon Amirqul Karim bugungi tadbirda mehmon sifatida ishtirok etdi. Sevimli ijodkorimiz mazmunli va taʼsirli maʼruza qilidi. Uning ilm olishning mashaqqati va lazzati, mehnat bozorida haqiqiy professional boʻlish sirlari haqidagi fikrlari talabalar qalbidan chuqur joy oldi.

Maʼlumot uchun: Joriy oʻquv yilida akademiya Iqtisodiyot, Inson resurslarini boshqarish, Menejment, Yurisprudensiya, Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, Hayot faoliyati xavfsizligi, Ijtimoiy ish, Metrologiya va standartlash, Buxgalteriya hisobi, Psixologiya, kabi 10 ta eng nufuzli va zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 1-bosqich talabalar qabul qilindi. Ular katta orzular bilan darslarga kirishishdi.

1-dars mustaqilligimizning 35 yilligiga bagʻishlandi. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida oʻtkazildi. 

Aziz birinchi bosqich talabalari, Akademiyamiz oilasiga xush kelibsiz, aziz birinchi bosqich talabalari! Talabalik davringiz oltin davr boʻlsin!

Video