YANGI O'ZBEKISTON TALABALARI OLIMPIADASI, REKTOR KUBOGI, ZAKOVAT
YANGI_OZBEKISTON_TALABALARI_OLIMPIADASI
REKTOR_KUBOGI
ZAKOVAT
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida oʻtkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi nafaqat muloqot, balki yoshlarni ragʻbatlantirish va ularning yutuqlarini munosib eʼtirof etish maydoniga aylandi. Ushbu tadbirda faol va iqtidorli talabalar taqdirlanib, ularning say-harakatlari barcha ishtirokchilar oldida alohida qadrlandi.
Taqdirlash marosimida akademiya talabalari, professor-oʻqituvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, “Yangi Oʻzbekiston” talabalar olimpiadasi doirasida oʻtkazilgan sport musobaqalari gʻoliblari taqdirlandi. Yigirma kun davom etgan ushbu bellashuvlarda yosh sportchilar stol tennisi, mini futbol, voleybol va stritbol kabi turlar boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi. Gʻolib va sovrindorlarga kuboklar, medallar, diplomlar hamda esdalik sovgʻalari topshirilib, ularning mehnati munosib taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda talabalar oʻrtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual oʻyini ishtirokchilarining yutuqlari ham alohida eʼtirof etildi. Bu kabi bellashuvlar yoshlarning nafaqat jismoniy, balki intellektual salohiyatini ham rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.
Akademiyada yoshlarning har bir tashabbusi qoʻllab-quvvatlanishi, ularning mehnati va iqtidori doimiy ravishda ragʻbatlantirilishi esa ushbu taʼlim muassasasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini koʻrsatdi. Bu yerda har bir talaba oʻz isteʼdodini namoyon etish va yangi yutuqlarga erishish uchun keng imkoniyatlarga ega. Taʼlim muassasasida yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratiladi. Mazkur yoʻnalishda oʻtkazilgan 3 bosqichli tanlovda 50 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Ular orasidan gʻolibni aniqlash ancha mushkul boʻldi. “Eng yaxshi kitobxon talaba” tanlovi gʻolibiga qimmatbaho sovgʻalar bilan bir qatorda “REKTOR KUBOGI” topshirildi. Bu esa kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, maʼnaviy-maʼrifiy muhitni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Mazkur tadbir yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning yutuqlarini qadrlash va yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qiladi.
MIMA Matbuot xizmati